Qarashlar

Yandex taksida qancha pul topsa bo‘ladi

Kursiv Uzbekistan jurnalisti toshkentlik haydovchilar bilan suhbatlashdi
Rasm: Yandex Go

Bu savol taksi sohasida qoʻshimcha yoki asosiy ish bilan shugʻullanish imkoniyatini koʻrib chiqayotgan koʻpchilikni qiziqtiradi. Ushbu maqolada Kursiv Uzbekistan muxbiri Yandex taksida pul ishlashning barcha jihatlarini: tariflar, bonuslar va xarajatlarni batafsil ko‘rib chiqdi.

Start tarifi

Start tarifi bu Yandex taksida eng hamyonbop tarif hisoblanadi va boshqa tariflarga qaraganda arzonroq. Bu segment yoʻnalishida aksariyat aholi buyurtma beradi.

Start tarifida xizmat koʻrsatadigan haydovchi bu haqda oʻz fikri bilan oʻrtoqlashdi. Uning so‘zlariga koʻra, ertalab soat 6 dan chiqib kunduzgi 12 gacha 200 – 300 ming soʻm topsa bo‘ladi, chunki ertalab narx baland, lekin baribir harakat qilish kerak.

«Ertalab 6 dan chiqsangiz odamlar ishga, oʻqishga boradigan pik payti yaxshi pul topsa boʻladi, uzoq joyga borsangiz koʻproq km bosib oʻtasiz. Bunda ham kamchiliklari va qiyinchiliklari bor. Har xil mijoz minadi ularga qoʻpol gapirib boʻlmaydi, hoʻp-hoʻp deb qoʻyamiz», — deydi haydovchi.

Agar buyurtma Gʻazalkent taraf togʻlarga berilgan boʻlsa 1-2 soatda 150 – 180 ming topsa boʻladi.

Mashina va boshqa xarajatlar

Ertalab ishga chiqishdan oldin 50 ming soʻmga metan «zapravka» qilinadi. Tushlik uchun 50 ming atrofida sarflanadi. Jarimalar ham boʻlib turadi, asosan yoʻl chiziqni bosish ( 85 ming soʻm) sababli.

«Misol kuniga oʻrtacha 300 – 350 ming sof foyda chiqadi. Men asosan ertalab 9 dan yoʻlga chiqaman», — deb yakunladi taksichi.

Komfort tarifi

Bu yoʻnalishda ishlaydigan haydovchi buyurtmalar, chiqimlar va daromadlar haqida Kursiv Uzbekistan jurnalistiga gapirib berdi.

Uning soʻzlariga koʻra soat 9 dan 6-7 gacha 500 ming atrofida xarajatlardan tashqari daromad qilsa boʻladi.

Haydovchining soʻzlariga koʻra, agar bir hafta mobaynida 100 ta buyurtma berilsa Yandex kompaniyasi taksichiga 500 ming soʻm bonus sifatida beradi. Bunday bonus har bir tarifda mavjud.

«Kun davomida bir marta avtomobilni metan gaz bilan toʻldiraman, bitta toʻldirish uchun 70 – 80 ming soʻm ketadi. Bitta «zapravka» 220 – 250 kmga yetadi. Tushlik qilishim uchun 50 – 60 ming soʻm atrofida sarflayman», – deydi Lacetti haydovchisi.

Biznes tarifi

Bu segment qimmatbaho va yuqori toifali avtomobillar bilan ajralib turadi. Suhbat davomida haydovchi yaxshi va yomon taraflari haqida aytib berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, oʻrtacha 600 – 700 ming soʻm ishlasa boʻladi. Biroq uzoq yoʻlga sayohat bo‘lsa 440 ming soʻm ishlab topsa boʻladi xolos.

«Bir necha kun oldin Buyuk Ipak yoʻli metro bekatidan Qoraqamishga va yana qaytib kelish uchun mijoz 240 ming soʻm toʻladi», – deb aytdi u.

Elektromobil tarifi

Elektromobillar tarifi yo‘lovchilarga atrof-muhitga zararli ta’sirni minimallashtirish bilan birga ekologik toza transport xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi. Ushbu tarif bo‘yicha ishlaydigan haydovchi ish jarayoni haqida ma’lumot berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, ertalab soat 9 dan kechki 6 gacha 600 – 700 ming atrofida sof foyda topsa boʻladi.

«Mening mashinam BYD Chazor “gibrid». Bu degani tokda ham va benzinda ham yuradi. Tokda yurganida 120 km yoʻl bosadi, keyin esa benzinga avtomatik holda oʻtadi. Kuniga 10 litr AI-95 benzinini (16,7 ming soʻm litr) quyaman”, – deydi yangi tarif haydovchisi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar Toshkent shahridagi Yandex Taksi haydovchilaridan olingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda novvoyxona biznesi qancha daromad keltirishi haqida yozgan edi.