Isroil Livan quruqliklariga harbiy qo‘shin kiritdi
Isroil armiyasi tanklari Livan janubidagi Rmeish qishlog‘iga kirdi. Bu haqda «Al-Arabiya» va «Al-Hadat» axborot agentliklari anonim manbalarga tayanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari Bayrutning Dahiya tumanidagi uchta bino aholisini uylarini tark etishga chaqirdi.
Avvalroq Isroil rasmiylari Qo‘shma Shtatlarga Isroil va Livan o‘rtasidagi «Hizbulloh infratuzilmasini nishonga olgan cheklangan amaliyotlar» o‘tkazayotganini ma’lum qilgan edi, dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller jurnalistlarga, deb yozadi New York Times.
«Isroil Hizbullohga qarshi o‘zini himoya qilish huquqiga ega. Biz oxir-oqibat chegaraning har ikki tomonidagi fuqarolarning uylariga qaytishiga imkon beradigan bu mojaroga diplomatik yechim topishini istaymiz», – dedi Miller.
Isroil mudofaasi Livan bilan chegaradagi Metula, Misgav Am va Kfar Giladi aholi punktlarida yopiq harbiy hudud yaratdi.
Ayni paytda Livan qurolli kuchlari Isroil bilan janubiy chegaradagi pozitsiyalarini tark etdi, deb xabar bermoqda Reuters mahalliy aholi va xavfsizlik manbasiga tayanib.
Isroil mudofaasi Livan janubidagi chegara hududida harbiy operatsiya boshlanganini tasdiqladi. Bundan maqsad Hizbulloh inshootlari va infratuzilmasini yo‘q qilish ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Mudofaa kuchlari Hasan Nasrulloh yo‘q qilingani haqida xabar bergan edi.