Yangiliklar

O‘zbekistonning qaysi banki ipoteka poygasiga qo‘shiladi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda "Poytaxt bank" oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Foto: pexels.com

Endilikda «Poytaxt bank» tomonidan ham Oʻzbekiston fuqarolariga ipoteka kreditlari ajratish yoʻlga qoʻyiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda bank oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, tomonlar aholining turmush darajasini izchil oshirish, ipoteka krediti mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha kelishishdi.

Bundan tashqari, ipoteka bozorini resurslar bilan taʼminlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan davlat byudjetidan mablagʻ jalb qilish toʻgʻrisida ham kelishib oldilar.

Qayd etilishicha, joriy yilning 1-sentabr hisob-kitob natijalariga ko‘ra, «Poytaxt bank» kredit portfeli 212 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 82 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Joriy yilda bankning kredit partfoliosi o‘tgan yilga nisbatan ikki yarim barobarga ortgan.

Eslatib o‘tamiz, avvlroq Kursiv Uzbekistan iyul oyida «Poytaxt bank» AJ ustav kapitalidagi 100 foiz aksiyalar paketini Birlashgan Arab Amirliklarining «Bond Investments limited LLC» kompaniyasiga sotgani haqida xabar bergan edi.