Eronning Isroilga raketa hujumi katta xato bo‘ldi, buning ortidan javob reaksiyasi bo‘ladi, dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu.
«Bugun kechqurun Eron juda katta xatoga yo‘l qo‘ydi va buning oqibatida albatta jazo oladi. Erondagi tuzum o‘zimizni himoya qilishdagi va dushmanlarimizdan qasos olishdagi qat’iyatimizni tushunmayapti», Netanyaxudan iqtibos Isroil Tashqi ishlar vazirligi (TIV) Telegram-kanalida keltirildi.
Vazirlik matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Eron hokimiyati «hujum uchun juda yuqori to‘lov to‘lashi kerak» ekan. Mamlakatni xalqaro jamoatchilikdan ajratib qo‘yish, unga qarshi sanksiyalar kiritish va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini terroristik tashkilot deb e’tirof etish taklif etilmoqda.
Kursiv Uzbekistan bir kun avval Eron Isroilga qanotli va ballistik raketalar bilan hujum qilgani haqida yozgan edi.