517 ming so‘m: talabalar stipendiya miqdori haqida qanday fikrda
Yaqindagina 2024/2025-o‘quv yilidan respublikamizdagi barcha OTM larda bakalavriat va magistratura uchun to‘lov-kontrakt miqdori 15% ga oshirildi. Bazaviy kontrakt miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga bogʻlab qoʻyilgan. Keyingi yillarda esa qoidasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash miqdori oshsa ham, pandemiya sababli kontrakt miqdori oshirilmadi. Bu tahsinga loyiq albatta. Kursiv Uzbekistan talabalar stipendiya miqdori haqida qanday fikrda, degan savolni o‘rganib chiqdi.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda 1,42 mln nafar talaba 210 ta OTM, jumladan, 8 ta akademiya, 42 ta OTM filiali, 64 ta institut va 117 ta universitetda tahsil olmoqda. Ularning asosiy qismi, ya’ni 1,38 mlntasi bakalavriat, sal kam 33 mingtasi magistratura va 5,8 mingtasi ordinatura bosqichi talabalaridir. Ushbu talabalarning 1,24 mln (87,6%) to‘lov-kontrakt, qolgan 175 ming nafari esa davlat granti asosida o‘qimoqda. Bu degani, ushbu o‘quv yilida oldingi yildagidan 15% ko‘proq kontrakt to‘lagan. Stipendiya ham oshishi mumkin, degan fikr esa sentabr oyida eski miqdorida to‘lab berilganidan so‘ng xato bo‘lib chiqdi.
Poytaxtda joylashgan nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalarining bu boradagi fikri bilan qiziqdik.
«Hozir 517 ming so‘m stipendiya olamiz. To‘g‘ri, o‘ziga to‘q oiladanligim meni stipendiyaga qaram qilib qo‘ymagan. Ammo hamma talaba ham mendek emas. Ba’zi kursdoshlarim beriladigan stipendiyani yetkaza olmay, ishlashga majbur bo‘lmoqda. Bu esa ular ta’lim olishi mumkin bo‘lgan vaqt va quvvatning bir qismini o‘g‘irlaydi. Kursdoshlarim orasida uylangan, oilalilari ham bor. Ularning zimmasiga endi bir emas, ikki, uch insonning mas’uliyati, ta’minoti yuklangan bo‘ladi. Ularning ta’lim olishiga moliyaviy to‘sqinliklar xalaqit qiladi. Shu kabi masalalarni inobatga olib, bazaviy stipendiya miqdorining yuqoriroq bo‘lgani afzaldir, deb o‘ylayman», — deydi O‘zDJTU 3-bosqich talabasi Nilufar.
«4-bosqich talabasiman. 4 yil kontrakt asosida tahsil oldim. Yashirmayman, 517 ming so‘m Toshkent sharoitida ko‘p narsaga yetmaydi. Ba’zan 3-4 kun, ba’zan bir hafta ichida bu puldan bir so‘m ham qolmaydi. O‘zimni ustimda ishlashni, xorijiy tillarni o‘rganishni, bilganlarimni esa yanada mustahkamlashni xohlayman. Ammo buning uchun menda yetarli vaqt yo‘q. O‘qishdan tashqari poytaxtdagi maktablardan birida psixolog sifatida ishlab kelmoqdaman. Bu esa ortiqcha mashg‘ulotlarga imkon qoldirmaydi. Bo‘lsa hamki ishim yuzasidan qo‘shimcha bilim olishga harakat qilaman. Shundanmi, universitetdagi ustozlarim beradigan topshiriq va talablar uchun vaqt yetkaza olmayman. Ochig‘i, stipendiyaning ko‘proq bo‘lishi tarafdoriman. Bu boqimondalikka moyillik emas, aksincha, kontrakt to‘lovi va yashash xarajatlarim meni o‘z ustimda ishlashdan mosuvo qilib qo‘ymoqda», — deya ta’kidlaydi Nizomiy nomidagi TDPU talabasi Sevara.
Kursiv Uzbekistan muxbiri suhbatlashgan boshqa talabalar ham shunga oʻxshash fikrni bildirishdi. Shuning uchun bu masalada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bosh mutaxassisi Zafar Amirqulov bilan bog‘landik.
«Bilishimiz lozimki, kontrakt to‘lovlari oxirgi marta 2019/2020-o‘quv yilida 18 foizga oshgan. Bundan keyin oshirilmadi, aksincha, 2021-yil pandemiya davrida koronavirusga qarshi (1 noyabrga qadar) emlangan talabalar uchun kontrakt to‘loviga 10 foizlik chegirma berilgan. Keyingi yillarda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oshgani hisobiga to‘lov-kontrakt miqdori ham oshirilmadi, faqatgina mazkur o‘quv yili uchun 15% ga oshirildi. Stipendiyaga kelsak, u Vazirlar mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi «Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 59-son qarori asosida belgilangan», – dedi Zafar Amirqulov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bazaviy stipendiya 517 880 so‘m, nomli davlat stipendiyalari 1 461 021 so‘m, O‘zR prezidentining davlat stipendiyasi 2 191 541 so‘m, nogironligi bo‘lgan va to‘liq davlat ta’minotidagi talabalar uchun 776 820 so‘m hamda a’lo bahoga o‘zlashtiruvchi talabalarga esa (bazaviy stipendiyaning 20 % qismi) 103 576 so‘m (jami 621 456 so‘m) miqdoridagi pul o‘quv yili mobaynida oyma-oy to‘lanadi.
«Bular talabalarimizni rag‘batlantiruvchi pullar bo‘lib, bir talabaning oylik yashash xarajatlari, yurish-turishi, qo‘shimcha sarflari hisobga olinmagan. Aksincha, bu stipendiyalarning yillik yig‘indisi kontrakt to‘loviga deyarli yaqin. Bir narsani tushunishimiz kerak, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan talaba bilan kontrakt to‘lab o‘qiydigan talaba orasida farqli jihatlar bo‘lishi lozim. Va aynan shu farq uchun biz ularning bilimiga qarab talabalarni saralab olamiz, o‘qitamiz. Bundan tashqari, oldinlari 3 bahoga o‘zlashtiruvchi talabalar stipendiyadan mutlaqo quruq qolgan. Yuqoridagi qaror bilan nafaqat bu masala yechildi, balki, talabalarga stipendiyali va stipendiyasiz to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyati ham taqdim etildi», – dedi mutaxassis.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonda bakalavriat talabalari uchun stipendiyalar 20 foizga oshirilib, 47 135 tengega (1 235 744 so‘m), pedagogika va tibbiyot yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun 75 600 tengega (1 982 014 so‘m) ko‘tarildi. Magistratura va doktorantlar uchun stipendiya 15 foizga oshirilib, mos ravishda 107 061 tenge (2 806 832 so‘m) va 240 000 tenge (6 292 111 so‘m)ni tashkil etmoqda. Ammo kontakt to‘lovlari ham yetarlicha yuqori: 7 milliondan 250 million so‘mgacha.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq toʻlov-kontrakt miqdorlari 15 % ga oshirilgani haqida batafsil xabar bergan edik.