Oʻzbekiston aviakompaniyalari Yaqin Sharqqa parvozlarni amalga oshiryaptimi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan vaziyatni oʻrganib chiqdi
Foto: bakharev / Depositphotos.com

1-oktabr kuni Eron Isroilga qarshi raketa hujumi uyushtirdi, bu esa Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashuviga olib keldi. «Kursiv» Oʻzbekiston aviakompaniyalari ushbu vaziyatda nimani rejalashtirayotganiga qiziqib koʻrdi.

Air Samarkand aviakompaniyasi Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan Oʻzbekiston shaharlaridan Jiddaga parvozlar yoʻnalishlarini zudlik bilan qayta tashkil etishini maʼlum qildi.

Aviakompaniya BAA, Bahrayn va Saudiya Arabistoni orqali oʻtadigan muqobil yoʻnalishlarni ishga tushirish ustida ishlamoqda. Kompaniyaga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra, Jidda, Termiz va Samarqand oʻrtasida kechikishlar kutilmoqda.

Qanot Sharq esa siyosiy vaziyat va ehtimoliy xavflarni hisobga olgan holda ish olib borishini maʼlum qildi. Aviakompaniya matbuot xizmati yoʻnalishlar oʻzgargan taqdirda yoʻlovchilarni xabardor qilishini taʼkidladi.

Kursiv Uzbekistan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi matbuot xizmatiga ham soʻrov yubordi, lekin xabar yozilayotgan vaqtida javob olmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi neft narxining oshishiga qanday turtki boʻlgani haqida yozgan edi.

Shuningdek