Ichkilik sabab o‘g‘il o‘z onasini o‘ldirdi
Surxondaryoda spirtli ichimlik ta’sirida o‘g‘il o‘z onasini bolta bilan urib o‘ldirdi. Bu haqda «Millar» informatsion dasturida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, 1987-yilda tug‘ilgan ayblanuvchi onasidan spirtli ichimlik uchun pul talab qilishi natijasida o‘rtada janjal kelib chiqqan. Shundan so‘ng mahkum spirtli ichimlik ta’sirida kelgan va onasini sovuq qurol (bolta) bilan yelka qismiga urgan. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Denov tumani sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, mahkumga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) «v» «j» bandlari bilan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Surxondaryo viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultant Asqar Qudratovning ma’lum qilishicha, mahkumga nisbatan belgilangan jazo qattiq tartibli koloniyalarda, dastlabki uch yili esa turma rejimida o‘tash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Sirdaryoda ikki yoshli bolaning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edi.