Raqamli transformatsiya jarayonida O‘zbekiston banklari qanday muammolarga duch kelmoqda
O‘zbekiston banklari raqamlashtirish orqali o‘z biznesini qanday o‘zgartirmoqda. Bu mavzu 3–4-oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Fintech & Banking 2024 forumida muhokama qilindi.
Mybank boshqaruvi raisi Ulug‘bek Tavakkalov O‘zbekistonda banklar raqamlashtirish yo‘nalishida faol qadamlar qo‘yganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda fintex va bank sektori bir-biri bilan chambarchas bog‘langan. Lekin banklardagi raqamlashtirish hali toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan, yaʼni barcha yoʻnalishlar birdek qamrab olinmagan.
Tavakkalov statistik ma’lumotlarni keltirar ekan chakana savdo segmentidagi kredit portfeli uch yil ichida 2,2 baravarga o‘sib, 156 trln so‘mga yetganini aytdi. Lekin yuridik shaxslar uchun o‘sish unchalik sezilarli bo‘lmagan, sababi so‘nggi besh yil ichida banklar jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatishga e’tibor qaratdi va yuridik shaxslarga yetarlicha e’tibor bermadi. Tavakkalov 37 mln aholi yashaydigan mamlakatda bandlik muammosini hal etish muhimligini, hozirda yuridik shaxslar uchun kredit berish jarayoni qo‘lda amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shu sababli, banklar kichik va o‘rta biznes yo‘nalishida rivojlanish haqida o‘ylamoqda.
Raqamlashtirish qo‘mitasi rahbari, «Kapitalbank» ATB Kuzatuv kengashi a’zosi Aleksey Lichenkoning ma’lum qilishicha, bank mijozlarga qulay formatda bank xizmatlarini taqdim etishga intilib, jismoniy shaxslar uchun yangi ilovani ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bozorda IT-mutaxassislari uchun yuqori raqobat mavjud, bu esa ish haqi bo‘yicha kutilmalarning oshishiga olib keladi. «Kapitalbank» xantingdan ko‘ra o‘z kadrlarini ko‘paytirish va autsorsing strategiyasini tanlaydi, chunki xanting mutaxassislar uchun narxlarning oshishiga va butun sanoat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Raqamli transformatsiyani boshlashdan oldin uning maqsadlarini tushunish kerak. Agar kichik biznesni rivojlantirishga urg‘u berilsa, jarayonlar ushbu vazifaga moslashtirilishi kerak, dedi Lichenko. Transformatsiya kim bilan amalga oshirilishini ham hisobga olish kerak, chunki IT-mutaxassis yaratgan dasturlardan foydalanilmasa, dasturchilarning mehnati bekor bo‘ladi.
Foranx Technologies kompaniyasining sotuv bo‘yicha direktori Sergey Metelskiy kompaniyaning moliya institutlarini avtomatlashtirish bozoridagi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Metelskiyning ta’kidlashicha, kompaniya foydasining 20 foizi mahsulotni rivojlantirishga qayta investitsiya qilinadi.
Shuningdek, u Foranxning raqamli tashkilotga aylanayotgan Asia Alliance Bank bilan hamkorligi haqida ma’lumot berdi. 2023-yilda bank axborot tizimini to‘liq almashtirish bo‘yicha ishlar boshlandi. 2025-yil iyuniga qadar bu jarayonni yakunlash rejalashtirilgan. To‘laqonli raqamli bank yaratish imkonini beruvchi ochiq bank platformasi joriy etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fintech & Banking 2024 fintex va bank texnologiyalari sohasidagi so‘nggi tendensiyalar, muammolar va imkoniyatlarni muhokama qilish uchun 10 mamlakatdan 300 dan ortiq ishtirokchi va 40 dan ortiq spikerlarn bir joy jamlagani haqida yozgan edi.