Piskentdagi ko‘prik nega quladi
Toshkent viloyati Piskent tumanida 2024-yil 2-oktabr soat 20:00 atrofida 4R19 «To‘ytepa — Piskent A373 avtoyo‘li»ning 14-km qismidagi temir-beton ko‘prik qulab tushgan edi. Holat yuzasidan Avtomil yo‘llari qo‘mitasi rasmiy bayonot berdi.
Unga ko‘ra, og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositasi me’yordan ortiq yuk bilan harakatlanishi natijasida ko‘prikning o‘ng tomonlama harakat tasmasidagi oraliq temir-beton qurilmalari va tayanch qismlari ushbu yuklamaga bardosh berolmasdan sinib, yuk mashinasi bilan birgalikda «Toshkanal» kanaliga tushib ketgan.
Howo rusumli og‘ir vaznli yuk transport vositasi Roziqov Raufga tegishli bo‘lib, avtotransport vositasining texnik pasportiga muvofiq yuksiz vazni 26,8 tonna va to‘la vazni, umumiy vazni esa 106,8 tonnani tashkil qilgan.
Ko‘prikda og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakatini ta’qiqlovchi belgi o‘rnatilganligiga qaramasdan, haydovchi avtotransport vositasini boshqargan va buning oqibatida ushbu favqulodda holatni yuzaga keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fargʻonada avtotreyler yoʻl-transport hodisasiga uchragani haqida yozgan edik.