Toshkentda Wolt yetkazib berish xizmati ishga tushdi
Toshkentda «Wolt» yetkazib berish xizmati ishga tushdi, deb xabar berdi «Kursiv Uzbekistan» muxbiri.
Kompaniyaning ish boshlagani haqidagi xabar mobil ilovada e’lon qilindi.
«Biz sizga yanada kengroq tanlovni taklif qilish uchun yaqin kunlarda platformaga boshqa joylarni qo‘shamiz» — deyiladi xabarda.
Xizmatdan foydalanuvchilar kuryer yordamida buyurtma olishlari yoki o‘zlari olib ketishlari mumkin.
Bundan tashqari, Toshkent aholisi xizmat saytida ham taomlarga buyurtma berishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududida Wolt Technologies kompaniyasi tashkil etilgan bo‘lib, uning egasi Finlyandiyaning Wolt Enterprises Oy kompaniyasi hisoblanadi. Firmaning ustav fondi – 6,1 mlrd so‘m.
Bundan tashqari, Korzinka Go mahalliy yetkazib berish xizmati joriy yilda Wolt bilan integratsiya qilishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq, Kursiv Uzbekistan Boxberry posilkalarni yetkazib berish xizmati O‘zbekistondan Rossiyaga posilkalarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi.