Vazirlar Mahkamasining qarori bilan turoperatorlarga 25 mlrd so‘mgacha maqsadli kreditlar beriladi. Bu haqda qonunchilik milliy bazasidan ma’lum qilindi.
Qonunga ko‘ra, xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelish bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtirish uchun aylanma mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida beriladi. Turoperatorlarga kreditlar tijorat banklari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etiladi.
Maqsadli kredit berish shartlari turoperator faoliyatini 1 yildan ortiq amalga oshirish va kamida 15 foiz miqdorda o‘z mablag‘larini jalb qilish imkoniyati hisoblanadi.
Turoperatorlar xizmat ko‘rsatilayotgan xorijiy sayyohlar sonini hamda turistik xizmatlardan olinadigan daromadlarni kamida 25 foizga ko‘paytirish bo‘yicha majburiyatini oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilning yanvar–iyul oylarida jami 4,2 mln nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda Oʻzbekistonga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edi.