O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Agentlik chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona me’yorlar va standartlarni ishlab chiquvchi, sinovdan o‘tkazuvchi va amaliyotga tatbiq etuvchi, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi hamda chiqindilarni boshqarish sohasiga taalluqli davlat mulkini boshqaruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi.
Shuningdek, chiqindilar bilan bogʻliq xizmatlar tenderlari jarayonini onlayn kuzatish mumkin bo‘ladi. Chiqindi toʻplash shoxobchalariga videokuzatuv kameralar o‘rnatiladi va shoxobchalar faoliyati aholi tomonidan kuzatib boriladi. Chiqindilarni tashuvchi maxsus texnikalarga esa onlayn kuzatuv, ya’ni GPS oʻrnatiladi.
Tizimda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati boʻyicha shikoyatlar va murojaatlarni qabul qilish uchun Call markaz tashkil etiladi.
Avvalroq chiqindilarni olib ketish boʻyicha ommaviy oferta tashkil qilinishi haqida yozgan edik.