O‘zbekistonda fuqarolarning firibgarlik harakatlari tufayli katta miqdordagi kriptoaktivlarini yo‘qotish holatlari muntazam kuzatilmoqda. Bu haqda Fintech & Banking 2024 forumi doirasida Kursiv Uzbekistan nashriga Heemera hammuassisi va direktori Artyom Klimenko ma’lum qildi.
Heemera 2024-yil 26-iyundan beri Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (ILMA) «tartibga soluvchi qumdon» ishtirokchisi bo‘lib, blokcheyn tahlili va o‘g‘irlik, firibgarlik, tovlamachilik va boshqa noqonuniy harakatlar natijasida yo‘qolgan kripto-aktivlarni qaytarish bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqda. Regulyatorning nazorati ostida kompaniya fuqarolar va tashkilotlarga yo‘qotilgan mablag‘larni qaytarishda yordam beradi.
Klimenkoning ta’kidlashicha, yoʻqotilgan mablagʻlar miqdori millionlab dollarni tashkil qilsa, tergov ishlari esa yuzdan ziyod. Eng keng tarqalgan sxemalar qatoriga soxta investitsiya, savdo platformalari va shunga tegishli xizmatlar kiradi. Shuning uchun faqat regulyator (ILMA) tomonidan litsenziyalangan platformalar va xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarga ishonish muhim, deya ta’kidladi Heemera vakili. Bunday platformalar ro‘yxati regulyator veb-saytida joylangan. Sovuq hamyonlarga ham xakerlik hujumlari uchrab turmoqda.
Ba’zi hollarda fuqarolar ishonchsiz shaxslarga ishonib, qayta-qayta firibgarlar qurboni bo‘lishadi. Klimenko gapirgan misollardan birida fuqaro uch marta firibgarlik qurboni bo‘lib, taxminan $100 ming yoʻqotgani haqida soʻz boradi.
«Dastlab u bitta platformada savdo qilgan va undan yuqori daromad olgan. Biroq, bu yolg‘on bo‘lib chiqdi. Barcha grafikalar va raqamlar shunchaki chizilgan va haqiqiy operatsiyalar bo‘lmagan. Yolg‘onligini anglagach, internet orqali topgan advokatlarga murojaat qildi, ular pulni qaytarib berish vaʼdasi bilan uni turli bahonalar bilan yanada koʻproq pul yoʻqotishga majbur qilgan. Keyinchalik, bu advokatlar yolgʻon ekanligini anglab, u boshqa advokatlarga murojaat qilgan, ular ham oʻzlarining rostgoʻy ekanliklarini isbotlashga harakat qilgan boʻlsa-da, aldovchilar ekanligi maʼlum boʻlgan», – dedi Klimenko.
Heemera direktorining ta’kidlashicha, kompaniya O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaganidan beri yuzlab murojaatlarni ko‘rib chiqqan va jarayon hali ham davom etmoqda.
«Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari fuqarolarga daromad olishda yordam berib, bunday firibgarlik sxemalarini aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha faol ish olib bormoqda», – deydi u xulosa o‘rnida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Fintech & Banking 2024 forumi doirasida Loialte va O‘zbekiston FinTech Assotsiatsiyasi o‘rtasida respublikaning bank va fintech sohalarida kiberxavfsizlik sohasida tajribani rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolangani haqida xabar bergan edik.