Yangiliklar

O‘zbekistonda oltin quymalari narxi pasayishni boshladi

Oltin quymalarining narxida eng baland ko‘rsatkich joriy yil 27-sentabr kuni qayd etilgan
Foto: Sergei Karpukhin / depositphotos

Joriy yilning 4-oktabr holatiga ko‘ra, 5 grammlik oltin quymalarining narxi 5 mln 593 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Sentabr oyi boshida 5 grammlik oltin quymalarining narxi 5 mln 233 ming so‘mni tashkil qilgan edi. Ushbu ko‘rsatkich oktabr oyiga boshiga kelib 360 ming so‘mga yoki 6,8 foizga ortgan.

Ma’lumot uchun, oltin quymalarining narxida eng baland ko‘rsatkich joriy yil 27-sentabr kuni qayd etilgan. Bunda 5 grammlik oltin narxi 5 mln 592 ming so‘m, 50 grammlik oltin narxi esa 56 mln 924 ming so‘mni tashkil qilgan.

Jahon bozorida oltin narxlarida ham o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ushbu holat O‘zbekistonda oltin quymalarining narxlariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

LBMA taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 3-oktabr holatida oltin narxlari kunduzi $2644 bo‘lsa, kechki vaqtga kelib $2647,65 ni qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» nima sababdan O‘zbekistonda oltin quymalari narxlari oshayotgani haqida xabar bergan edi.