Toshkent aeroportidan 600 mln so‘mlik zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi
Toshkent xalqaro aeroportidan 600 mln so‘mlik zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Dubay – Toshkent yo‘nalishida kelgan fuqaroning qo‘l sumkasi ichidan bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirish me’yoridan ortiq bo‘lgan 1 dona tilla soat borligi aniqlandi.
Holat yuzasidan tayinlangan ekspertiza xulosalarida buyumning sof vazni 151,69 gramm bo‘lib, ushbu qo‘l soati qariyb 338 mln so‘mga baholangan hamda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, ushbu fuqaroda qiymati 71 mln so‘mlik bir dona uzuk borligi ham aniqlangan.
Yana bir holatda esa Nyu-Yorkdan uchib kelgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan Rolex oyster perpetual datejust brendiga mansub 156 mln so‘m bo‘lgan qo‘l soati borligi ma’lum bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, jismoniy shaxslar zargarlik buyumlarini shaxsiy ehtiyoji uchun 65 grammgacha (2 000 AQSH dollaridan oshmagan) bo‘lgan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi hududiga bojsiz olib kirishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportida to‘pponcha olib o‘tmoqchi bo‘lgan xorij fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.