Yangiliklar

UzAuto Trailer Rossiyada ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi

Kompaniya Xitoyning FAW va JAC brendlari ostida mini-yuk mashinalarini ham ishlab chiqaradi
Foto: adandr / depositphotos

O‘zbekistonning yarim tirkamalar ishlab chiqaruvchi «UzAuto Trailer» kompaniyasi Rossiyada ishlab chiqarishni tashkil qiladi. Bu haqda Kommersant nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya hozirda Rossiyada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun tegishli tuzilmalarni tashkil qildi. Mahalliylashtirish logistika xarajatlarini kamaytirish va rag‘batlantiruvchi dasturlarda ishtirok etish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, UzAuto Trailer O‘zbekistonda yuk mashinalari uchun tirkamalar va osmalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya hisoblanadi. Ushbu kompaniya Xitoyning FAW va JAC brendlari ostida mini-yuk mashinalarini ham ishlab chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oxirida O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi UzAuto Trailer’ni Tataristonning Himgrad kompaniyasiga sotganini e’lon qilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors Tbilisida yangi dilerlik markazini ochgani haqida xabar bergan edi.