Telegram messenjeridagi soʻnggi uzilishlar Yaqin Sharqdagi voqealar bilan bogʻliq ekani ma’lum qilindi. Bu haqda messenjerning rasmiy kanalida xabar berildi.
«Isroil, Livan va Erondagi vaziyat tufayli serverlarga yuklanishning ortishi ulanish va media fayllarga kirishda vaqtinchalik muammolarga olib keldi», – deyiladi xabarda.
Bayonotda ta’kidlanishicha, texnik guruh yuzaga kelgan muammolarni tezda bartaraf etib, xizmatning barqaror ishlashini tiklashni ta’minlagan.
Eslatib o‘tamiz, 3-oktabr kuni oʻzbekistonlik foydalanuvchilar ham Telegramda bir necha soatga yaqin uzilishlarga duch keldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram Premium obunachilari soni 10 million kishiga yetgani haqida xabar bergan edi.