Yangiliklar

Oʻzbeklar Issiqkoʻl boʻyida qurilgan pansionatlarini yelkasiga solib, Toshkentga olib ketavermaydiku – qirg‘iz deputati

Toshkent har bir pansionatga $20 milliongacha sarmoya kiritadi
Foto: Qirg‘iziston davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi

Ba’zi ommaviy axborot vositalari vakillari va faollar Issiqko‘ldagi to‘rtta pansionat O‘zbekistonga berish masalasini noto‘g‘ri talqin qilmoqda, dedi qirg‘iz deputati Jamin Akimaliyev «Kabar» nashriga bergan intervyusida.

«Oʻzbeklar Issiqkoʻl boʻyida qurilgan pansionatlarini yelkasiga solib, Toshkentga olib ketavermaydiku», – deya vaziyatni izohladi Akimaliyev.

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston har bir pansionatga $20 milliongacha sarmoya kiritish niyatida. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik investorlar ularni rekonstruksiya qilishga $5 mln sarmoya kiritdilar.

Akimaliyevning so‘zlariga ko‘ra, pansionat binolari yer bilan birga O‘zbekistonga 49 yilga tekin foydalanishga berilgan.

Eslatib oʻtamiz, sentabr oyi oxirida pansionatlarni Oʻzbekiston investorlariga berish boʻyicha kelishuv tasdiqlangan edi.

Hujjatda xodimlarning kamida 80 foizi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Toshkent esa soliqlar va boshqa ajratmalarni o‘z vaqtida to‘lash majburiyatini oladi.

«Gazeta.uz» ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni Bishkek pansionatlarni Toshkentga 49 yilga ijaraga berishini ma’lum qilgan, biroq kelishuv matnida bu qayd etilmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan oktabr oyi boshida Xitoydan O‘zbekistonga temir yo‘l qurish bo‘yicha kompaniya tashkil etilgani haqida yozgan edi.