Yangiliklar

Nobel mukofoti sovrindori O‘zbekistonda monopoliyalarni boshqarish bo‘yicha ma’ruza qiladi

Iqtisodiyot sohasiga doir uchrashuvda spikerlik qiladi
Foto: Challenges.fr

 14-oktabr kuni iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi, fransuz olimi Jan Tirolning O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Bu haqda Yosh iqtisodchilar jamiyati xabar berdi.

Unga ko‘ra, olim iqtisodiyotning sanoat boshqaruvi, moliya, makroiqtisodiyot va bank boshqaruvi sohalarida kuchli bilim va tajribaga ega boʻlib, uchrashuvda monopoliyalarni boshqarish va xalq farovonligiga erishish mavzularida suhbat olib boradi.

Ma’lumot uchun, Jan Tirol Fransiyaning Troya shahrida tug‘ilgan. Parijdagi Ecole Polytechnique va Ecole Nationale des Ponts et Chaussesda muhandislik bo‘yicha tahsil olganidan so‘ng o‘z qiziqishlarini iqtisod va matematikaga aylantirdi. 1980-yillarning o‘rtalaridan boshlab Jan Tirol tartibga solish va monopoliyaga qarshi kurashni har bir sohaga xos sharoitlarga moslashtirish bo‘yicha izchil nazariyani ishlab chiqish ustida ishladi. Tirol buni bank ishi, telekommunikatsiya va to‘lov va raqamli platformalargacha bo‘lgan bir qancha sohalarda qo‘llagan. U, shuningdek, tashkilotlar iqtisodiyoti, makroiqtisodiyot, psixologiya va iqtisod bo‘yicha keng ko‘lamli nashrlarni nashr etgan va keng auditoriyaga mo‘ljallangan «Umumiy manfaatlar uchun iqtisodiyot» kitobining muallifi.

Uchrashuv soat 15:00da «Intercontinental Hotel Tashkent » mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi. Ishtirok uchun chiptalarni ushbu havola orqali xarid qilishingiz mumkin. Tadbir oʻzbek va rus tillarida sinxron tarjima qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov mamlakatimizga tashrif buyurgan edi.