Yangiliklar

«Tez yordam»ga murojaatlar bo‘yicha Farg‘ona yetakchi

Viloyatda chaqiruvlar soni bir milliondan ziyod kuzatilgan
Foto: zx6r92 / depositphotos

Joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida O‘zbekistonda «103» ga salkam 10 million marotaba chaqiruvlar kelib tushgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Shu yil yanvar – sentabr oylari davomida “Tez yordam»ga kelib tushgan chaqiriqlar soni 9 mln 958 ming 507 tani tashkil etgan”, – deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gʻafurov.

Ma’lum qilinishicha, eng ko‘p murojaatlar Farg‘ona viloyatidan 1 mln 40 mingdan ziyod. Andijon va Toshkentdan esa bir milliondan ortiq murojaatlar bo‘lgan.

Ushbu murojaatlarning aksariyat qismi shoshilinch ko‘rsatmaga binoan 7,1 mln bo‘lsa, surunkali kasalliklar sabab 2,5 mln marotaba chaqiruvlar yuzaga kelgan.

«Tez yordam»ga eng kam chaqiruvlar Navoiy, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida kuzatilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda «Tez yordam» xizmatida salkam 2,9 mingta brigada faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan «103» xizmatida tez tibbiy yordam brigadalari soni qariyb 2,8 mingtaga yetgani haqida xabar bergan edi.