Yangiliklar

Qashqadaryodagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida kuchli portlash sodir bo‘ldi – video

Avtomobilga gaz quyish vaqtida gaz-havo aralashmasining chaqnashi natijasida
Foto: Videodan qirqib olingan

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumani Dasht mahallasi hududidagi G‘uzor – Qarshi avtomobil yo‘lida joylashgan gaz quyish shoxobchasida gaz-havo aralashmasi portladi. Bu haqda FVV xabar berdi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2024/10/video_2024-10-07_17-45-31.mp4
Video: Ijtimoiy tarmoqdan

Unga ko‘ra, bugun 7-oktabr kuni soat 15:45 da Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani «Dasht» MFY hududidan o‘tuvchi, «G‘uzor – Qarshi» avtomobil yo‘lida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida «Kamaz-512» rusumli avtomobilidan gaz saqlash yomkostiga gaz quyish vaqtida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Uning natijasida hududda yong‘in yuzaga kelgan.

Yong‘in joyiga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 15:56 da hodisa joyiga yetib borgan va yong‘inni soat 16:00 da o‘rab olib, 16:45 da o‘chirishga erishgan.

Sodir bo‘lgan yong‘in natijasida binoning 22 kv.m maydonining tom qismiga talafot yetgan.

Yong‘in natijasida tan jarohati olgan va vafot etganlar yo‘q.

Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Selxoz»dagi yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.