Qish fasliga O‘zbekiston qanday tayyorgarlik ko‘rgan

eʼlon qilindi
Hozirda mamlakatda ikkita yer osti gaz saqlash omboridan – «Gazli» va «Xo‘jaobod»dan foydalanilmoqda
Foto: Piqsels

O‘zbekiston energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, mamlakat qish mavsumi oldidan yer osti omborlariga besh milliard kubometrdan ortiq gaz zaxiraga qo‘yilgan.

«Biz energiya ishlab chiqarishni qayta tiklanuvchi manbalar hisobidan sezilarli darajada oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Yer osti omborlariga 5,1 milliard kubometrdan ortiq gaz saqlashga qo‘yildi», – dedi vazir «Lolazor» podkastida.  

Mirzamahmudov bu hajm o‘tgan yilgidan deyarli milliard kubometr ko‘proq ekanini qo‘shimcha qildi. Vazirlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu hajm sovuq davrni osonlik bilan o‘tkazish uchun yetarli.

Hozirgi kunda mamlakatda ikkita yer osti gaz saqlash omboridan – «Gazli» va «Xo‘jaobod»dan foydalanilmoqda. Bundan tashqari, «So‘x» gaz ombori bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan hamda o‘rganish ishlari olib borilayotganini qayd etdi.

Mas’ulning ta’kidlashicha, mazkur gazni saqlash ombori Qirg‘izistonda joylashgan bo‘lib, kompressorlar va boshqa texnologik uskunalar esa O‘zbekiston hududida joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda 2024-yilning sakkiz oyida gaz qazib olish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,6 foizga kamaygani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek