«Shaffof sement sanoat» 669 million so‘mlik manipulyatsiyalarda ayblandi
2023-yil yanvar – dekabr va 2024-yil yanvar – iyul oylarida «Shaffof sement sanoat» MCHJ QK 298 ta holatda 20,6 ming tonna sement mahsulotini birja savdolariga qoʻymasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali sotgan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu mahsulotni 2023-2024-yillar davomida sotish kunlaridagi narxlari o‘sha davrdagi birja savdolarida shakllangan oʻrtacha birja kotirovka narxlari bilan taqqoslandi. Natijada 298 ta holatda mahsulot narxlarining sun’iy qoʻllash natijasida jami 669 mln soʻmga yaqin tafovut aniqlangan.
Shunga muvofiq, Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan mazkur MCHJ ga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, belgilangan tartibda tegishli choralar qoʻllanildi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, «Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish» harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Hamkorbank» ATB jarimaga tortilgan edi.