Tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofoti genlar faoliyatini boshqaruvchi mikroRNK molekulalarini kashf etgan Viktor Ambros va Gari Ruvkunga berildi.
MikroRNKlar – bu ribonuklein kislota molekulalarining maxsus sinfi bo‘lib, ular boshqa molekulalar bilan birga ko‘plab genlarning faolligini aniqlaydi. Ko‘pincha ma’lum bir gen tananing ma’lum hujayralarida faol bo‘lishi mikroRNKlarga bog‘liq.
2023-yilda ushbu yo‘nalishda Nobel mukofoti Pensilvaniya universitetidan Dryu Vaysman va Katalin Kariko Covid-19’ga qarshi mRNA vaksinalarini yaratgani uchun berilgan edi.
Qayd etilishicha, ushbu yo‘nalish mukofot haftaligini ochib berdi. 8-oktabrda fizika, 9-oktabrda kimyo, 10-oktabrda adabiyot bo‘yicha laureatlarning nomi e’lon qilinadi. 11-oktabr kuni tinchlik mukofoti, 14-oktabrda esa Alfred Nobel xotirasiga iqtisod bo‘yicha mukofot topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz avvalroq Kursiv Uzbekistan Nobel mukofoti sovrindori O‘zbekistonda monopoliyalarni boshqarish bo‘yicha ma’ruza qilishi haqida xabar bergan edi.