Xususiy o‘quv markazlariga ishsizlarni o‘qitish uchun grantlar ajratiladi
Ishsizlarni talab yuqori bo‘lgan kasblar va chet tillariga o‘qitgan tadbirkorlar faoliyati davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Prezident bu bo‘yicha qonunni imzoladi.
Unga ko‘ra, bu uchun xususiy o‘quv markazlari jalb qilinadi. Ular grantning yarmini ishsizlarning o‘qishi boshlanishidan oldin, qolgan qismini esa yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlaridan so‘ng oladilar.
Kasblar va ta’lim tashkilotlari roʻyxati Bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Shuningdek, u kadrlar tayyorlash uchun grantlar miqdorini ham belgilaydi.
Ishsiz fuqarolar xorijiy tillar va ta’lim dasturlarini tasdiqlangan roʻyxatdan mustaqil tanlashlari mumkin boʻladi.
Toshkent va Samarqand shaharlarida grantlar 2025-yil 1-yanvardan, boshqa viloyatlarda esa 1-sentabrdan boshlab beriladi. Mablag‘ bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xotin-qizlarni ishga joylashtirish uchun 50 mln so‘mlik grant tanlovi e’lon qilingan edi.