Janubiy Koreyaning texnologik kompaniyasi Samsung Electronics’ning 2024-yilning uchinchi choragidagi operatsion foydasi $7,67 milliardga yetdi. Bu haqda LSEG moliyaviy bozorlar ma’lumotlarini yetkazib beruvchi tahlilchilar so‘roviga asoslanib, Reuters agentligi xabar berdi.
Prognozlarga ko‘ra, kelgusida Samsung Electronics’ning har chorakdagi foydasi to‘rt baravardan oshadi. Ushbu tendensiya chiplarga bo‘lgan talabning oshishi bilan bog‘lanmoqda. Shuningdek, tahlilchilar kompaniyaning sun’iy intellekt sohasiga sekin kirib kelayotganidan xavotirda.
«Bozor susayganda, Samsung DRAM chiplarini yetkazib beruvchi birinchi o‘rinni yo‘qotishi mumkin», – dedi Macquarie equity research tahlilchisi Daniel Kim.
Ma’lumot uchun, DRAM chiplar smartfonlar va kompyuterlarda keng qo‘llaniladi.
Samsung Electronics – Janubiy Koreyaning yarimo‘tkazgichlar va elektronika ishlab chiqaruvchi kompaniyasi hisoblanadi. Ushbu kompaniya aksiyalari mahalliy va xalqaro birjalarda savdoga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung xorijdagi bo‘linmalarida xodimlarni 30 foizga qisqartirishi haqida xabar bergan edi.