Yangiliklar

Mirziyoyev MDH Davlat rahbarlari kengashida qanday takliflar berdi

Navbatdagi konferensiyani sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratgan holda Samarqandda o‘tkazish taklif qilinmoqda
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin raisligida bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisidagi nutqida savdo, kiberxavfsizlik va madaniyat sohalariga oid qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston rahbari xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalasini koʻtarib, MDH davlatlari razvedka xizmatlarining zamonaviy chaqiriqlarga qarshi kurashishdagi o‘zaro hamkorligi muhimligi hamda kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikda ish olib borish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, MDH davlatlari bilan tovar ayirboshlash yil boshidan buyon 16 foizga oshgani haqida ma’lum qilindi. Prezident MDH Iqtisodiy kengashi yig‘ilishini kelasi yil bahorida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Innoprom xalqaro sanoat ko‘rgazmasida o‘tkazishni taklif qildi.

Bundan tashqari, kun tartibida internet texnologiyalarini rivojlantirish, yashil energiya va iqlim muammolari muhokama qilindi. Mirziyoyev MDH ekspertlari va tahlilchilari bilan muntazam uchrashib turish gʻoyasini ilgari surdi. Shu bilan birga, navbatdagi konferensiyani sun’iy intellektga alohida e’tibor qaratgan holda Samarqandda o‘tkazish taklif qilinmoqda.

Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish uchun Hamdoʻstlik mamlakatlari madaniyati kunlarini oʻtkazish, sogʻliqni saqlash, ta’lim, san’at, sport va turizm sohalarida har yili qoʻshma tadbirlar dasturini ishlab chiqish tavsiya etiladi.

Sammitda, shuningdek, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston prezidentlari va Armaniston davlat rahbarlari ham ishtirok etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Putinning tugʻilgan kunida MDH yetakchilari Rossiyada yigʻilishi haqida yozgan edi.