Oʻzbekistonda onlayn kredit ajratilishda yangi tartib joriy etilmoqda

eʼlon qilindi
Mazkur tartib 2024-yil 1-noyabrdan 2025-yil 1-apreligacha amal qiladi
Foto: ridofranz / depositphotos.com

Oʻzbekistonda onlayn kreditlash jarayonida firibgarlik holatlari koʻpayib borayotgani uchun Markaziy bank kredit tashkilotlari uchun yangi vaqtinchalik tartibni joriy etmoqda. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

Soʻnggi yillarda raqamli texnologiyalar orqali fuqarolarning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirish holatlari ortib bormoqda. Birgina 2024-yilning birinchi yarmida 463 holatda 15 milliard soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazildi.

Endilikda kredit olish uchun ariza yuborish jarayonida fuqarolar biometrik identifikatsiyadan oʻtishi shart. Bu talab kredit olish jarayonida shaxsga tegishliligini aniqlashga yordam beradi.

Shuningdek, kredit tashkilotlari ariza yuborilgandan soʻng, fuqarolarning kredit tarixi 2 bosqichda tekshiriladi. Agar salbiy kredit tarixi aniqlansa, kredit ajratish rad etilishi mumkin. Kredit olishdan soʻng 48 soat davomida P2P amaliyotlari, mobil aloqa operatorlari va onlayn valyuta ayirboshlash operatsiyalariga cheklovlar oʻrnatilishi belgilangan. Mijozlar SMS-xabar orqali qayta bogʻlanish orqali ma’lumotlarni tasdiqlashlari kerak.

Agar kredit mablagʻlari 48 soat ichida firibgarlar ta’sirida olingani aniqlansa, kredit shartnomasi bekor qilinishi va mablagʻlar kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.

Ma’lumot uchun, mazkur tartib 2024-yil 1-noyabrdan 2025-yil 1-apreligacha amal qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan fuqarolar kredit tarixini qanday tekshirishlari mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek