Oʻzbekiston Markaziy banki Bazel maslahat guruhiga a’zo boʻldi
Oʻzbekiston Markaziy banki bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasining (BCBS) maslahat guruhiga qoʻshildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bazel maslahat guruhi (BCG) qoʻmitaga aʼzosi boʻlmagan bank nazoratchilari bilan hamkorlik qilish uchun yaratilgan. Guruh aʼzolari BCBS munozaralari va faoliyatida ishtirok etishlari mumkin.
Qoʻmita faoliyatining asosiy maqsadi bank sohasida xalqaro standartlarni ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. Qoʻmita tadqiqot olib boradi, moliyaviy risklarni tahlil qiladi va tartibga soluvchilar oʻrtasida tajriba almashish uchun platforma yaratadi.
Ma’lumot uchun, BCBS qarorlari qonuniy kuchga ega emas. Qoʻmita a’zolari oʻz standartlarini mustaqil ravishda, ixtiyoriy asosda amalga oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston Markaziy bankining oltin-valyuta zaxiralari $41 milliarddan oshgani haqida xabar bergan edi.