Oʻzbekiston mehnat bozorida har bir boʻsh ish oʻrni uchun 11 kishi raqobat qilmoqda
2024-yilning uchinchi choragida Oʻzbekiston mehnat bozori ijobiy tendensiyalarni koʻrsatmoqda. Boʻsh ish oʻrinlari soni 13 foizga oshib, 31 mingdan ortiqni tashkil qildi. Bu haqda HeadHunter platformasi (hh.uz) Kursiv Uzbekistanʼga xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, boʻsh ish oʻrinlarining 90 foizdan ortigʻi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi. Shuningdek, ish oʻrinlarining sezilarli oʻsishi Namangan (+53 foiz) va Andijon (+44 foiz) shaharlarida qayd etildi.
Boʻsh ish oʻrinlari soni boʻyicha yetakchi kasblar savdo va mijozlarga xizmat koʻrsatish (jami 14,09 foiz), marketing va reklama (10,40 foiz), sport klublari va fitnes sohasiga (7,37 foiz) toʻgʻri keladi.
Ish haqining oʻsishi respublika boʻyicha oʻrtacha ish haqi deyarli 6,4 mln soʻmni tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan 16 foizga koʻpdir. Maoshlarning eng katta oʻsishi uy xizmatlarida va sotuv sohasida (+19%) kuzatilmoqda. Biroq axborot texnologiyalari va sugʻurta sohasida oʻrtacha ish haqining pasayishi qayd etilgan.
Shuningdek, platformada faol rezyumelar soni 74 foizga oshib, 400 mingdan ortiq yangi rezyumelar joylashtirilgan. Raqobat indeksi esa 10,94 ni tashkil etdi, bu bitta boʻsh ish oʻrniga oʻrtacha 11 kishi ariza topshirganini koʻrsatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston mehnat bozorida malakali kadrlar yetishmasligi haqida xabar bergan edi.