Yangiliklar

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari deyarli $2 mlrdga ortdi

Oltinning fizik hajmida o‘zgarish kuzatilmagan
Foto: spress.ge

O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlar va chet el valyutasidagi boshqa aktivlarga oid ma’lumotlar yangilandi. Bu haqda Markaziy bank saytida ma’lum qilindi.

Mamlakatning rasmiy zaxira aktivlar 1-oktabr holatiga ko‘ra $41,13 milliardni tashkil qilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 1-sentabr holatiga ko‘ra, $39,15 milliardni qayd etgan. O‘tgan oyga nisbatan mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari $1,99 milliardga ortgan.

Manba: Markaziy bank hisoboti / skreenshot

Sentabr oyi hisobot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin zaxiralarining qiymati $30,39 milliard bo‘lgan bo‘lsa, 1-oktabr holatiga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich $31,86 milliardni tashkil qilgan.

Shuningdek, oltinning fizik hajmi 1-oktabr holatiga ko‘ra, 12 mln troy unsiyani tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan oltinning fizik hajmida o‘zgarish kuzatilmagan.

«O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2024 yilning sentyabr oyida 1,99 mlrd dollarga oshdi. Xususan, oltin narxining 2524,15 dollardan 2650,15 dollargacha ko‘tarilishining ta’siri +1,51 mlrd dollarni tashkil etdi», – deyiladi Markaziy bank izohida.

Bundan tashqari, Oʻzbekistondagi xorijiy valyuta zaxiralari $8,2 mlrddan $8,7 mlrdgacha ortgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank va Hindiston zaxira banki avgust oyi davomida oltin zaxiralarini to‘qqiz tonnaga oshirgani haqida xabar bergan edi.