Yangiliklar

Parlament saylovlarida muddatidan oldin ovoz berish sanalari ma’lum qilindi

2024-yil 16-oktabrdan 23-oktabrga qadar
Foto: Saylov – 2024

Kutilayotgan saylovlar uchun muddatidan oldin ovoz berish 2024-yil 16-oktabrdan 23-oktabrgacha bo‘lib o‘tadi. Qaror Markaziy saylov komissiyasining 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi.

Ovoz berish saylov uchastkalarida ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha, dam olish kunlari soat 11:00 dan 17:00 gacha davom etadi. Xorijdagi fuqarolar uchun ham saylovlar mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 gacha o‘tkaziladi.

Joriy yilda Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovda nogironligi bo‘lgan 11 nafar, mahalliy Kengashlar deputatligiga 605 nafar nomzod ro‘yxatga olindi. Saylov komissiyalarida 1,3 ming nafar nogironlar faoliyat yuritmoqda.

830 mingdan ortiq imkoniyati cheklangan saylovchilarning ovoz berishi uchun ko‘ngillilar yordami beriladi. Brayl alifbosi asosidagi saylov byulletenlari namunalari tasdiqlanib, saylov uchastkalarida maxsus ovoz berish kabinalari, kattalashtiruvchi oynalar va qo‘shimcha yoritish vositalari o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, turli tashkilotlardan, jumladan, Turkiy davlatlar parlament assambleyasidan 36 nafar xorijiy kuzatuvchi, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» nashri Saylov – 2024 maxsus platformasi ishga tushgani haqida yozgan edi.