Energetika vazirligi quyosh panellari boʻyicha murojaatlar uchun telefon raqamlari sonini koʻpaytirdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 7–8-oktabr kunlari vazirlik qabulxonasiga 1232 ta qoʻngʻiroq boʻlib, faqat 131 tasiga javob berilgan. Qabul qilingan murojaatlar, asosan, quyosh panellarining afzalliklari, davlat imtiyozlari va narxlari haqida boʻlgan. Bundan tashqari, ba’zi fuqarolar mahallasini elektr uzatish tarmogʻining eskiligi va yangilanishi boʻyicha yordam soʻragan.
9-oktabrdan boshlab, yangi telefon raqamlari +99871-231-16-61 (ichki 7046, 7037 va 7057) joriy etildi. Vazirlik barcha murojaatlarga e’tibor berishini va ijobiy yechimlar topishini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil boshidan buyon besh mingga yaqin fuqarolar oʻz uylarida oʻrnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan 4,81 mln kilovatt-soat elektr energiyasini davlatga sotgani haqida yozgan edi.