Yangiliklar

Jahon banki Toshkentdagi havo sifatini yaxshilash uchun chiqindilarni kamaytirishga sarmoya kiritishni tavsiya qildi

Bu muammo aholi salomatligi va iqtisodiyot uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda
Foto: Письма о Ташкенте

Jahon bankining yangi hisobotiga ko‘ra, Toshkent shahridagi havo sifati bilan bog‘liq muammolar aholi salomatligi va iqtisodiyot uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Hisobot O‘zbekistonda havo sifatini boshqarishni takomillashtirish uchun tavsiyalar va «Yo‘l xaritasi»ni taqdim etadi.

Ushbu hisobot O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Jahon banki tomonidan tayyorlangan bo‘lib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida amalga oshirilgan.

O‘zbekiston hukumati havo sifati muammosini jiddiy muammo sifatida tan olmoqda, chunki Toshkent shahridagi PM2,5 zarrachalari darajasi JSST tomonidan belgilangan xalqaro me’yorlardan sezilarli darajada oshib ketgan. Ushbu zarrachalar aholi salomatligi va iqtisodiy faoliyatga zarar yetkazuvchi asosiy ifloslantiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Baholashlarga ko‘ra, bu holat O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 0,7 foiziga teng zarar keltirishi mumkin.

Hisobotda keltirilgan asosiy sabablar qatoriga qishda turarjoylarni isitish (28 foiz), transport (16 foiz) va sanoat (13 foiz) kiradi. Yoz oylarida esa transchegaraviy chang ifloslanishi ustunlik qiladi, bu esa ifloslanishning 36 foizini tashkil etadi.

Hisobotda, shuningdek, O‘zbekistonda havo sifatini yaxshilash uchun bir qator chora-tadbirlar va strategik harakatlar keltirilgan. Tavsiya etilgan «Yo‘l xaritasi» havo sifati standartlarini yangilash, milliy strategiya ishlab chiqish va zarur muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratishni o‘z ichiga oladi.

Jahon bankining tahlillariga ko‘ra, havoning ifloslanishiga qarshi kurashish uchun turli tarmoqlarda, jumladan, transport, sanoat va issiqlik sohasida chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Shu bilan birga, shamol tashib keladigan changning zararini kamaytirish bo‘yicha ham maxsus choralarga sarmoya kiritilishi kerak.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon banki O‘zbekiston uchun $800 mln imtiyozli kredit ajratishini yozgan edi.