O‘zbekistonda marburg virusini oldini olish bo‘yicha davlat chegaralarida kuchaytirilgan nazorat amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sanepidqo‘mita xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda ushbu virusning keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha hamda kasallikni nazorat qilishda xavfsiz inyeksiya usullarini qo‘llash, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish belgilanmoqda.
Shuningdek, gemorragik isitmada gumon qilingan shaxslarni izolyatorlarga alohida joylashtirish, gumon qilingan bemorlarning qoniga tegmaslik, bemor ajratgan tana suyuqliklar bilan bevosita muloqotda bo‘lmaslik ta’kidlanmoqda.
Bundan tashqari, virusning oldini olish uchun, infeksiya bo‘yicha odamlarning xabardorligini oshirish maqsadida aholi orasida tushuntirish va targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
«Shu o‘rinda fuqarolarimizga jiddiy xavotirga o‘rin yo‘qligini ma’lum qilamiz», – deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan marburg virusi sabab qo‘shni Qozog‘istonda sanitariya nazorati kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.