Shaurma va lavash ishlab chiqarish elektromobil ishlab chiqarishdan ancha foydalimi
BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasining joriy yilning besh oyi davomida 23,9 milliard so‘mlik soliq to‘lovi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu borada tarmoq foydalanuvchilari shaurma va lavash ishlab chiqarish elektromobil ishlab chiqarishga nisbatan «ancha foydali» ekanligini ta’kidlashdi. Ushbu fikrga BYD kompaniyasi rasmiy munosabat bildirdi.
BYD Uzbekistan Factory korxonasi ijtimoiy tarmoqdagi xulosalarning bir tomonlama ekanini va kompaniya obro‘yiga putur yetkazishi mumkinligini ma’lum qildi.
«Ijtimoiy tarmoq faollarining, xususan, Timurmalik Elmuradov va Nikita Makarenkoning, Davlat soliq qo‘mitasining qisman e’lon qilingan ma’lumotlariga asoslanib chiqargan xulosalari bir tomonlama bo‘lib, kompaniya faoliyatini keng jamoatchilik ko‘z o‘ngida obro‘sizlantiradi», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, kompaniya 2024-yilning 6-oyi davomida Davlat budjetiga 366,6 milliard so‘m soliqlar to‘laganini ta’kidladi, bu esa kompaniyaning umumiy aylanmasining 21 foizini tashkil etadi.
«BYD Uzbekistan Factory” MChJ qo‘shma korxonasi blogerlar, jurnalistlar va ommaviy kommunikatsiya sohasining boshqa vakillarini chuqur hurmat qiladi va taraflarning huquq va erkinliklarini kamsitmagan holda konstruktiv va ochiq muloqotga chaqiradi», – deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD kompaniyasi 2024-yil iyul oyida jami 342 mingdan ziyod elektromobil sotishga erishgani haqida xabar bergan edi.