Toshkentni kamida 7,5 million aholi yashaydigan shaharga aylantirish kerak – Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Toshkent shahrining 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi loyihasi bilan tanishib chiqdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, davlat rahbari bu boradagi 2022-yilda ko‘rgan ishlanma «ToshkentboshplanLITI» korxonasida tomonidan Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikda takomillashtirildi.
Loyihaga binoan, Toshkent shahri hududi 3 ta zonaga ajratiladi. Birinchi zona – konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgartirilmaydi. Ikkinchi zona – Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar olib boriladi. Uchinchi zona – Renovatsiya zonasida esa eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangilari qad rostlaydi.
Poytaxt va unga yaqin joylarda yashil zonalar 3 karra ko‘paytirilib, 25 ming gektarga yetkaziladi. Bu orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon hozirgi 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga yetadi.
Shaharsozlik talabidan kelib chiqib, bog‘cha, maktab, shifoxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarigacha 15 daqiqada yetib borish uchun jamoat transporti tarmog‘i kengaytiriladi. Yangi yo‘llar qurilib, metrobus yo‘nalishlari tashkil etiladi.
Prezident Toshkent shahrini kamida 7,5 mln odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish, shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Toshkent tumanlarini poytaxt bilan yaxlit aglomeratsiya asosida rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, tasdiqlangan bosh reja xaritalari Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida hamda Toshkent shahar hokimligi veb-saytiga yuklanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki Toshkentdagi havo sifatini yaxshilash uchun chiqindilarni kamaytirishga sarmoya kiritishni tavsiya qilgan edi.