Yangiliklar

Afg‘onistonning O‘zbekistondagi yangi diplomatik vakolatxonasi rahbari qabul qilindi

O‘zbekiston TIV rahbari uchrashuv o‘tkazdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Joriy yil 9-oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘onistonning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonasi yangi rahbari Abdul G‘affor Teraviyni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston aloqalarini har tomonlama rivojlantirish, ishlatilmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qiladigan yangi loyihalar ishlab chiqish zarurligi muhokama qilindi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2024-yil avgust oyida «Tolibon» harakati vakillari bilan uchrashuvda Afg‘oniston elchisini qabul qilishga tayyor ekanligini bildirgan edi.

Diplomatik vakolatxona rahbari Teraviy, doimiy ravishda ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Afg‘oniston nomidan minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Afg‘onistonning diplomatik missiyasi vakili Toshkentga kelgani haqida xabar bergan edi.