Yangiliklar

Amerikaning Florida shtatiga toʻfon yopirildi

To‘fon kamida 19 ta tornado keltirib chiqargan
Foto: Reuters

«Milton» toʻfoni AQShning Florida shtati sohiliga yetdi. Toʻfon mahalliy vaqt bilan soat 20:30 da Siyesta-Ki shahri yaqinidagi hududga yogʻilgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

«Milton» Saffir-Simpson shkalasi boʻyicha uchinchi toifaga ega, bu esa toʻfonning vayronkor ziyon yetkazishi mumkinligini bildiradi. Shamol tezligi ham soatiga 120 milga (195 km/soat) yetgan.

Maʼlum qilinishicha, Siyesta-Ki shahrida taxminan 4,5 ming kishi yashaydi. Ushbu shahar uch milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan Florida poytaxt hududi Tampa-Beydan 100 km masofada joylashgan.

Florida gubernatori Ron DeSantisning maʼlum qilishicha, «Milton» toʻfoni suv koʻtarilishidan oldin sohilga yetgan. Shu sababli, ehtimol, shtat katta boʻrondan omon qoladi va suv sezilarli darajada koʻtarilmaydi.

Foto: Reuters

Desantisning taʼkidlashicha, to‘fon kamida 19 ta tornado keltirib chiqarishi natijasida 125 ga yaqin uy vayron boʻlgan. Maʼlumotlarga koʻra, tornadolardan biri Fort-Pirs shahridagi keksalar uyiga yogʻilib, insonlar hayotiga zomin boʻlgan. Shuningdek, 1,3 milliondan ortiq binolar elektrsiz qolgan.

Toʻfonlarga qarshi kurash markazi maʼlumotiga koʻra, «Milton» juda xavfli. U Floridada «hayot uchun xavfli boʻlgan boʻron toʻlqinlari, kuchli shamollar va toshqinlar» keltirib chiqarishi mumkin.

Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, to‘fon dengizda 28 fut (8,5 metr) balandlikdagi toʻlqinlarni hosil qilgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan «Milton» sabab bir milliondan ortiq shtat aholisiga toʻfon Tampa hududiga tushishidan oldin evakuatsiya qilish buyurilgani haqida xabar bergan edi.