Bloger Jurabek Amonov Rossiyadan deportatsiya qilindi
Rossiyadan migrantlar orasida taniqli bo‘lgan o‘zbekistonlik bloger va inson huquqlari himoyachisi Jurabek Amonov deportatsiya qilindi. Bu haqda «Nastoyashee Vremya» nashri xabar berdi.
U «Suyanch» nomli YouTube va Telegram kanallari orqali Rossiyadagi migrantlarning murakkab hayoti haqida lavhalar taqdim etgan.
Amonov 2022-yilda Rossiya Mudofaa vazirligi mehnat migrantlarini Ukraina urushiga yollashga uringani haqida xabar bergan edi. Yaqinda u hujjatlari to‘g‘ri bo‘lishiga qaramay qo‘lga olingan va Rossiyada qolish qoidalarini buzganlikda ayblandi.
Keyinchalik FSB xodimlari Amonovni uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan va unga urushda ishtirok etish evaziga deportatsiyadan qutulishini taklif qilishgan.
Amonov esa ushbu taklifni rad etgan. U O‘zbekistonga qaytishni ma’qul ko‘rgan va oxir-oqibat xorijiy fuqarolarni saqlash markazida yarim oy ushlab turilganidan so‘ng deportatsiya qilingan.
«Ular menga shunday deyishdi: “Bizga aqlli migrantlar kerak emas, bizga keladi, ishlaydi va ketadi, shunday migrantlar kerak», – deydi Amonov bo‘limdagi suhbatni eslar ekan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya migrantlar farzandlari uchun bepul ta’limni bekor qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edi.