BAA O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab reeksport qilishni rejalashtirmoqda
BAA kompaniyasi O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilib, ularni qayta ishlagan holda reeksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Abdulaziz Aqqulov Birlashgan Arab Amirliklaridagi OneRoad Group kompaniyasi bosh ijrochi direktori Chenling Jang bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda investitsiya muhitini yaxshilash, bojxona to‘lovlarini yengillashtirish va soliq yukini kamaytirishga oid islohotlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, 2030-yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.
Tomonlar uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini importi hamda reeksporti haqida yo‘nalish yuzasidan kompaniya hamda O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi alohida uchrashuv tashkil etish to‘g‘risida kelishib oldi.
Kompaniya vakiliga joriy yil 13–16-oktabr kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston — BAA biznes forumida ishtirok etish taklifi bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan BAAning lyuks mehmonxonalar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirgani haqida xabar bergan edi.