O‘zbekiston va Eron o‘yinida xavfsizlik choralari kuchaytiriladi
Bugun, 10-oktabr kuni O‘zbekiston va Eron terma jamoalari futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralash bosqichida o‘zaro kuch sinashadi. Muxlislar orasida o‘yinga bo‘lgan qiziqish nihoyatda yuqori bo‘lib, iticket.uz ma’lumotiga ko‘ra, barcha chiptalar allaqachon sotib bo‘lingan.
O‘yinni yuqori darajada o‘tkazish va muxlislarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar IIBB va Milliy gvardiya tomonidan maxsus xavfsizlik choralari belgilangan. Fuqarolardan stadionga erta tashrif buyurish, shaxsiy transport o‘rniga jamoat transportidan foydalanishlari tavsiya qilinmoqda.
«Futbol ishqibozlari stadionda jamoat tartibiga va o‘rnatilgan qoidalarga qat‘iy rioya qilishlarini, muxlislik madaniyatiga amal qilishlarini so‘raymiz», – deyiladi xabarda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan terma jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanes sogʻligidagi muammolar sabab Eron va BAAga qarshi oʻyinlarda ishtirok eta olmasligi haqida xabar bergan edi.