Yangiliklar

Paxta terimiga majburlagan mahalla raisi 18,7 million jarimaga tortildi

Mehnatga majburlash BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi
Foto: Textiledir.com

Qashqadaryoda paxta terimiga chiqmaganlarning bola puli berilmasligini aytgan mahalla raisi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan javobgarlikka tortildi. Bu haqda Bandlik vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Shahrisabz tumanida joylashgan «Paxtakor» MFY raisi L.Oʻroqov 2024-yil 9-oktyabr kuni Nushkent qishlogʻining «Nushkent birlashaylik» telegram kanaliga paxta terimiga chiqish uchun bosim o‘tkazish mazmunidagi ovozli xaba jo‘natgan.

Shunga binoan, L.Oʻroqovga nisbatan, Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (18 750 000 soʻm) miqdorida jarima qoʻllanildi.

Ma’lumot uchun, Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Vazirlik aholidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlarida 1282 qisqa raqamiga yoki @munosibmehnat_bot telegram boti orqali Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishlarini so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliy komissiya axta yig‘im-terimiga majburlash holatlariga yo‘l qo‘ymasligi haqida yozgan edik.