Yangiliklar

Ramzan Qodirov Sulaymon Kerimovga qonli qasos e’lon qildi

Suleyman Kerimov – 2008-yildan beri Dog‘iston vakili sifatida Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi a’zosi
Foto: Evgenyi / Depositphotos.com

Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov Wildberries bilan bog‘liq vaziyat tufayli Sulaymon Kerimov va Rossiya Davlat Dumasi deputatlari Bekhan Baraxoyev hamda Rizvon Qurbonovga qonli qasos e’lon qildi. Checheniston Respublikasi rahbarining soʻzlari aks etgan video uning Telegram-kanalida e’lon qilindi.

«Bu biznes masalasi, Baraxoyev Bekhan, Karimov Sulaymon va Qurbonov Rizvon – yirik tadbirkorlar. Ular nafaqat bu ayoldan (Tatyana Bakalchuk (hozirda – Kim) biznesini tortib olishga urinishdi, balki menga suiqasd ham uyushtirmoqchi bo‘lishdi. Men bu haqda sukut saqladim. Ammo endi rasmiy ravishda Baraxoyev, Karimov va Qurbonovning bunday rejaga aloqasi yo‘qligini isbotlashmasa, ularga qonli qasos e’lon qilaman,» – dedi Qodirov chechen kuch tuzilmalari yig‘ilishida.

Eslatib o‘tamiz, 18-sentabr kuni Moskvadagi Romanov dvor biznes markazidagi Wildberries ofisida otishma bilan yakunlangan hodisa sodir bo‘ldi. Taxminan sakkiz kishi jarohat oldi, ikki nafar qo‘riqchi olgan jarohatlari tufayli halok bo‘ldi.

Hujumda aralash yakkakurash bo‘yicha chechen jangchilari ham ishtirok etgan. Ushbu hodisa Wildberries asoschilaridan Tatyana Kim va uning sobiq eri Vladislav Bakalchuk o‘rtasidagi mojaroning kulminatsion nuqtasida yuz bergan.

Ma’lumot uchun, Suleyman Kerimov – 2008-yildan beri Dog‘iston vakili sifatida Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi a’zosi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra uning boyligi $10,7 mlrd deb baholangan.

Bekhan Baraxoyev – Ingushetiya davlat dumasi deputati. «Olimp» xususiy aksiyadorlik jamiyatining vitse-prezidenti bo‘lgan, keyinchalik Wildberries bilan birlashgan.

Rizvan Qurbonov – dog‘istonlik Rossiya davlat dumasi deputati. Uning mojaro bilan bog‘liqligi haqida ma’lumotlar mavjud emas.  

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ramzan Qodirov Rossiyada migratsiya siyosati qattiqlashganidan noroziligini bildirgani haqida xabar bergan edi.