DXX tomonidan 47,2 kg narkotik moddalar aylanmasiga chek qo‘yildi
Tojikiston, Afg‘oniston hamda Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan giyohvandlik moddalari aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatning Uzun tumanida uch nafar fuqarolar 10 kg 50 gramm opiy va 10 kg 29 gramm gashish moddalarini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tgan vaqtlarida qo‘lga olingan.
Shuningdek, Afg‘onistondan olib kelingan hamda viloyatning Muzrabot tumanida yashirin joyda qoldirib ketilgan 1 kg 953 gramm opiy va 4 kg 116 gramm gashish moddasini olgan shaxs, ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, Qozog‘iston fuqarosi giyohvandlik moddalarini qabul qilib olish jarayonida qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik fuqarolar afg‘onistonlik, qirg‘izistonlik narkokuryerlar tomonidan belgilangan nuqtada qoldirib ketilgan 1 kg 897 gramm opiy va 9 kilogrammdan ziyod giyohvandlik moddalarini olib, yashash manziliga qaytayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu giyohvandlik moddalarini har kilogrammi uchun $2,3 ming miqdorda pul to‘langan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda aybdorlarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonga 18 kg dan ziyod sintetik giyohvandlik moddasi olib kirgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.