Maxtumquli Firog‘iy ijodi jahon adabiyotida ham alohida o‘ringa ega – Mirziyoyev

eʼlon qilindi ( yangilandi)
U Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgan
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forumda nutq so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

«Turkman xalqining benazir farzandi, durdona asarlari bilan insoniyat tafakkurini boyitgan Maxtumquli Firog‘iy ijodi nafaqat Sharq, balki jahon adabiyotida alohida o‘ringa egadir», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Maxtumquli Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgan. Ushbu ilm dargohida dunyoviy va diniy ilmlarni chuqur o‘rgangan.

«Ayni vaqtda u buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ijodini yuksak qadrlagani ham mushtarak tariximiz sahifalari orqali yaxshi ma’lum», – dedi prezident.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, turkman shoiri asarlari O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga yordam bergan.

«Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash haqida yurtimizda alohida qaror qabul qilindi. Ushbu sanaga bag‘ishlab adabiy kechalar, tanlovlar, ilmiy anjuman va seminarlar o‘tkazilmoqda. Teatrlarimizda shoir haqida spektakllar qo‘yilib, o‘zbek va turkman kino ustalari hamkorligida badiiy film suratga olindi», – dedi prezident.

Shoir sharafiga O‘zbekistonda ko‘chalar va xiyobonlar nomlangan. Bundan tashqari, Toshkent va Xivada shoir xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahriga kelgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek