Qozogʻiston Milliy banki asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi

eʼlon qilindi
Regulyator mamlakatda inflyatsiyani pasaytirish surʼatlarining yetarli emasligini va inflyatsiya kutilmalari ortib borayotganini taʼkidladi
Foto: kursiv.media

Qozogʻiston Milliy banki bazaviy foiz stavkasini 14,25 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi. Bu haqda mamlakat regulyatori xabar berdi.

Milliy bankning ta’kidlashicha, oylik inflyatsiya sentabr oyida 0,4 foizni tashkil etib, tarixiy oʻrtacha koʻrsatkichlardan yuqori boʻlishda davom etmoqda. Shu bilan birga, yillik inflyatsiya 8,3 foizgacha pasaydi. Regulyator mamlakatda inflyatsiyani pasaytirish sur’atlarining yetarli emasligini va inflyatsiya kutilmalari ortib borayotganini ta’kidladi.

Ushbu qaror regulyatorning bazaviy stavkani hech boʻlmaganda yil oxirigacha pasaytirmaslik haqidagi va’dalariga mos keladi.

Shuningdek, Milliy bank kelib tushayotgan ma’lumotlar va inflyatsiya tendensiyalarini kuzatib borishini e’lon qildi. Pul-kredit siyosati qoʻmitasi a’zolari 2026-yilga kelib bazaviy stavkani 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini bashorat qilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Qozogʻistonda stavka boʻyicha navbatdagi yigʻilish 2024-yil 29-noyabrda boʻlib oʻtadi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistondagi bazaviy stavkaning pasayishi iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek