Alisher Usmonov Kyoln prokuraturasidan ARD telekanali jurnalisti Xans-Yoaxim Seppeltga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortilishini talab qilmoqda. Bu haqda Bild nashri tadbirkorning advokatlariga tayanib yozmoqda.
Seppelt o‘zining «Olimpiadadagi shubhali hakamlar – qilichbozlik janglarida 5 ming yevro pora olish» nomli materialida (4 avgustda e’lon qilingan) Alisher Usmonovni poraxo‘rlik va sudyalarni manipulyatsiya qilishda ayblagan. 2022-yil boshida tadbirkor Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti sifatidagi faoliyatini ixtiyoriy ravishda to‘xtatdi.
Usmonov fuqarolik sudiga murojaat qilib, ishni yutib chiqdi. Gamburg viloyati sudi Seppeltning so‘zlarini «qabul qilib bo‘lmaydigan va shaxsiy daxlsizlik huquqlarini buzadigan shubhali xabar» deb atadi. Shundan so‘ng material nashr veb-saytidan o‘chirildi.
Biroq tadbirkor uchun bu yetarli emas edi. U Seppeltning jinoiy javobgarlikka tortilishini istaydi va Kyoln prokuraturasiga ariza topshirgan. Uning advokatlariga ko‘ra, ariza 8 oktabr kuni elektron shaklda berilgan.
Kursiv avvalroq yil boshidan beri Usmonovning boyligi $5,5 milliardga kamaygani haqida yozgan edi.