Boeing oʻz xodimlarining 10 foizini yoki taxminan 17 ming kishini ishdan boʻshatishini eʼlon qildi. Tashkilot saytida kompaniya bosh direktori Kelli Ortbergning xabari joylashtirilgan.
Juma kuni kechqurun kutilmagan press-relizda kompaniya uning yoʻqotishlari kutilganidan ancha katta boʻlishini e’lon qildi. Boeing, shuningdek, yangi keng fyuzelyajli samolyotlarini yetkazib berish boshlanishini yana bir yilga (2025-yil oʻrniga 2026-yilgacha) kechiktirdi.
Boeing aksiyalari bu xabardan keyin 2 foizga arzonlashdi. Boshqa bir hisobotda aytilishicha, Boeing’ning uchinchi chorakdagi sof zarari har bir aksiya uchun 9,97 dollarni tashkil qilgan. Bu har bir aksiya uchun taxminan 1,19 dollar zarar kutgan tahlilchilarning prognozlaridan ancha yuqori, deya qayd etadi WSJ. Yil boshidan beri Boeing oʻz qiymatining 40% dan ortigʻini yoʻqotdi.
Bunday muhim oʻzgarishlar Boeing 13-sentabrdan beri davom etayotgan ishchilar ish tashlashi va likvidlik taqchilligining kuchayishi tufayli duch kelgan inqiroz natijasi boʻldi, deb yozadi Bloomberg. Ish tashlash boshlanganidan beri (bu Boeing 737 va boshqa samolyotlarni ishlab chiqarishni toʻxtatdi), kompaniya xarajatlarni kamaytirish choralarini koʻrdi – ba’zi xodimlarini ishdan boʻshatdi, ishga olish jarayonini muzlatib qoʻydi va korporativ sayohatlarni qisqartirdi.