Buyuk Britaniya fermalarida mavsumiy ishda bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar uchun biznes rejalarini amalga oshirishda texnik ko‘mak ko‘rsatish tanlovi e’lon qilindi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lum qildi.
Tanlovning 8 nafar g‘olibi o‘z biznes loyihalari uchun 50 mln so‘mgacha grant mablag‘ini yutib olishi mumkin. Shuningdek, ular o‘z biznes rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun Toshkent shahrida mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan 1 kunlik treningda ishtirok etishadi.
Tanlovga yuborilgan biznes rejalar quyidagi mezonlar asosida saralab olinadi:
- Oxirgi 3 yil ichida Buyuk Britaniyada mavsumiy mehnat faoliyatini amalga oshirgan bo’lishi;
- Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan treninglarda shaxsan ishtirok eta olish imkoniyati (barcha xarajatlar tashkilot tomonidan qoplanadi);
- Buyuk Britaniyada mavsumiy ish davomida orttirilgan ko‘nikmalarni o‘z loyihasida qo‘llash rejasi;
- Biznes rejaning ayrim xarajatlarini ishtirokchining o‘zi qoplay olish imkoniyati;
- Biznes rejaning uzoq muddatliligi va barqarorligi.
Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali ariza qoldirish lozim. Arizalar 2024-yil 11-noyabrgacha qabul qilinadi. Tanlovda O‘zbekistonning barcha hududlaridan fuqarolar ishtirok etishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniyada rasman ishlash uchun nima qilish kerakligi haqida yozgan edi.